
Sitora Musaeva, onkoginekolog.
35 yoshdan keyingi homiladorlik
Hozirgi kunda 35 yoshdan keyin yoki 40+ yoshda homilador bo‘lish kam uchraydigan holat ham emas, patologiya ham emas. Tobora ko‘p ayollar yetuk yoshda ona bo‘lmoqda. Zamonaviy tibbiyot, agar ongli va to‘g‘ri rejalashtirilsa, ham onaning sog‘lig‘ini saqlab qolish, ham sog‘lom bola tug‘ish imkonini beradi.
Tabiiy yo‘l bilan homilador bo‘lish mumkinmi?
- Ha, mumkin. Ammo bu yoshda biroz qiyinroq – tuxum hujayralar zaxirasi kamayadi, ovulyasiya kamroq va nomuntazam kechadi. Bunday hollarda yordamchi reproduktiv texnologiyalar yordamga keladi, masalan, EKU – o‘z tuxum hujayrasi yoki donorniki orqali homilador bo‘lish.
Qanday xavf-xatarlarni hisobga olish kerak:
Bo‘lajak ona uchun – gipertoniya, gestasion diabet, preeklampsiya xavfi oshishi, shuningdek kesar kesimi ehtimoli yuqori bo‘lishi mumkin.
Bola uchun: xromosoma anomaliyalari (masalan, Daun sindromi), muddatidan avval tug‘ish yoki kichik vazn bilan tug‘ish xavfi ortishi mumkin.
Bugungi kundagi noinvaziv genetik testlar (qon tahlillari orqali) bu xavflarni erta va xavfsiz baholash imkonini beradi.
Agar natijalar yaxshi bo‘lsa va homiladorlik osoyishta kechsa – sog‘lom bola tug‘ish ehtimoli juda yuqori.
Agar bu birinchi homiladorlik bo‘lsa
Bunday holat hozir tobora ko‘p uchramoqda, ammo bunday homiladorlik og‘irroq kechadi degani emas. Aksincha, 40 yoshdan oshgan ayollar odatda o‘ziga e’tiborliroq bo‘ladi, sog‘lig‘ini muntazam va mas’uliyat bilan kuzatib boradi va organizm berayotgan signallarni yaxshiroq tinglaydi. Muhimi, – doktor nazoratida bo‘lish, tahlil va tekshiruvlarni o‘z vaqtida o‘tkazish hamda ehtiyotkorlik.
35 yoshdan keyingi yoki 40+ yoshdagi homiladorlik – bu yetuk ayolning ongli qaroridir, u hayotda nimani xohlashini biladi va onalikni chin dildan qabul qiladi. Ko‘pincha ayni shu yoshdagi onalik – eng xotirjam, ma’naviy uyg‘un va baxtli davrga aylanadi.

